O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ekologik hamkorlik strategik sheriklik darajaga ko‘tarilmoqda

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish, biologik xilma-xillikning qisqarishi va atmosfera havosi ifloslanishi kabi ekologik muammolar dunyo davlatlarini yanada yaqin hamkorlik qilishga undamoqda. O‘zbekiston ham
atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalarini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Bu borada xalqaro hamkorlik, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi muntazam ravishda “C5+1” formati doirasidagi ekologiya va energetika bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishlarida qatnashmoqda. Mazkur muloqot maydoni Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasida ekologik muammolar yuzasidan tajriba almashish hamda yangi tashabbuslarni ilgari surish imkonini bermoqda.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar yanada faollashdi. O‘zbekiston delegatsiyalari AQShda o‘tkazilgan qator xalqaro forumlar, ta’lim dasturlari
va malaka oshirish tadbirlarida ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, BMT O‘rmonlar bo‘yicha forumining sessiyalarida qatnashish, AQSh Geologiya xizmati bilan hamkorlikdagi tashriflar, shuningdek, AQSh Kongressining “Open World” dasturi doirasida tashkil etilgan ekologik ta’lim safarlari mutaxassislarning bilim
va tajribasini oshirishga xizmat qilmoqda.
2024-yilda O‘zbekiston Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning AQSh Prezidenti maslahatchisi Sara Minkara bilan uchrashuvi ekologik masalalarning ijtimoiy jihatlariga ham e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatdi. Tomonlar iqlim o‘zgarishining nogironligi bo‘lgan shaxslarga ta’siri masalasini muhokama qilib, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Ilmiy hamkorlik sohasida ham muhim qadamlar tashlanmoqda. 2025-yilda Toshkentdagi “Green University” va Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi o‘rtasida memorandum imzolanishi ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Dunyoga mashhur iqtisodchi va barqaror rivojlanish bo‘yicha ekspert Jeffri Saksning O‘zbekistonga tashrifi ham ushbu hamkorlikning amaliy natijasi bo‘ldi.
Kelgusida AQSh bilan ekologiya sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Avvalo, o‘rmon xo‘jaligini boshqarish bo‘yicha Amerika tajribasini o‘rganish muhimdir. AQSh hududining qariyb uchdan bir qismi o‘rmon bilan qoplangan bo‘lib, bu sohada zamonaviy boshqaruv va monitoring tizimlari joriy etilgan.
Shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari katta. AQShda millionlab gektar hududlar tabiatni muhofaza qilish maqsadida boshqariladi va bu tajriba O‘zbekistonda qo‘riqlanadigan hududlar tizimini rivojlantirish uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi hamkorlik ham alohida e’tiborga loyiq. “Green University” uchun Kaliforniyaning Berkli universiteti, Stenford universiteti, Garvard universiteti va Yel universiteti kabi dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish nafaqat ilmiy tadqiqotlar sifatini oshiradi, balki yangi avlod ekolog mutaxassislarini tayyorlashga ham xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ekologik shaharsozlik va “yashil” infratuzilma yo‘nalishlarida AQSHning ilg‘or tajribasi O‘zbekiston shaharlari uchun dolzarb ahamiyatga ega. Portlend va Sietl shaharlari “yashil” ko‘chalar, veloyo‘laklar, zamonaviy chiqindi boshqaruvi tizimlari hamda atmosfera havosi monitoringi bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu tajribalarni o‘rganish mamlakatimizda yashil shaharlar konsepsiyasini rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
2026-yilda Samarqand shahrida Global ekologik fondning 8-Assambleyasi o‘tkazilganligi O‘zbekistonning xalqaro ekologik hamkorlikdagi nufuzini yanada oshirdi. Ushbu yirik tadbir doirasida tashkil etiladigan “Eco Expo Central Asia 2026” ko‘rgazmasida AQSh vakillarining ishtiroki ikki mamlakat o‘rtasidagi ekologik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ekologik hamkorlik alohida loyihalar va tadbirlar doirasidan chiqib, uzoq muddatli strategik hamkorlik sari intilmoqda. Iqlim o‘zgarishi va ekologik xavfsizlik masalalari tobora dolzarb bo‘lib borayotgan bir sharoitda bunday hamkorlik nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.