O‘zini o‘zi band qilgan aholi daromad solig‘idan ozod qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 19-may kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash ishlariga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.
Kasallikni yuqtirgan 2 ming 802 nafar fuqaromizdan 2 ming 314 nafari yoki 82 foizi butunlay sog‘aygani, bu kurashda chinakam jasorat ko‘rsatayotgan 23 ming nafar tibbiyot xodimlariga jami 78 milliard so‘mdan ziyod rag‘batlantirish puli to‘lab berilgani aytildi.
– Kasallikka qarshi kurashish bilan birga, chet ellardagi fuqarolarimiz haqida ham qayg‘uryapmiz. Hozirgi kungacha xorijdan 39 ming nafar yurtdoshlarimizni olib keldik. Tashqarida og‘ir ahvolda qolgan yana 12 ming nafar fuqaromizga tegishli yordam ko‘rsatib, ularni yurtimizga olib kelish choralari ko‘rilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Iqtisodiyot tarmoqlarida faollik tiklanmoqda. Misol uchun, oxirgi haftada tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan elektr energiyasi iste’moli 13 foizga ko‘paygan. Shuningdek, oxirgi ikki haftada birjada sement savdosi oldingi oyning shu davriga nisbatan 104 ming tonnaga, yoqilg‘i mahsulotlari 74 ming tonnaga, qurilish oynasi 60 ming kvadrat metrga oshgan.
Epidemiologik holatdan kelib chiqib, hududlarni “yashil”, “sariq” va “qizil” zonalarga ajratgan holda, 110 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektining faoliyatiga ruxsat berildi, 600 mingdan ziyod xodimlar ish joyiga qaytdi.
Umuman, so‘nggi ikki oyda pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha Prezidentning 12 ta farmon va qarori qabul qilindi. Buning natijasida 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.
18-may kuni davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari va 100 mingga yaqin aholiga qo‘shimcha 1,7 trillion so‘mlik ko‘mak beriladi.
– Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, nima sharoit yaratish zarur bo‘lsa, barchasini qildik. Endi iqtisodiyot va investitsiya komplekslari, sektor rahbarlari quyi tizimda ushbu imtiyozlarning har bir tadbirkor va fuqarogacha yetib borishini ta’minlashi kerak, – dedi Prezident.
Respublika komissiyasiga sohalar va hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, qolgan 40 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ham bosqichma-bosqich ruxsat berish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, hozirgi vaqtda mamlakatimizning 38 ta tumani “qizil” zonada qolayotgani bois karantin qoidalariga qat’iy amal qilish talab etiladi.
Pandemiya tufayli kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi tayin. Shu sababli qisqa fursatda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash zarur.
Yig‘ilishda bu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Avvalo, tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.
– Barcha hokimlarni ogohlantiraman. Birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qo‘yilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi, balki qonun oldida javob beradi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddi idoralarga mulk daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mulkni kompensatsiya qilish bo‘yicha tadbirkorlar foydasiga chiqarilgan sud qarorlari ijrosini to‘liq ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, tadbirkorlik muhiti har bir tuman va shahar kesimida oyma-oy tahlil va xulosa qilib boriladi. Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqi va mulk daxlsizligini buzgan tuman va shahar hokimlari to‘g‘risida hukumatga ma’lumot kiritib boradi. Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlar muammosini hal qilmagan, ular bilan yetarli darajada ishlamagan shahar va tuman hokimlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqadi.
O‘zini o‘zi band qilayotgan, qo‘lida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Ya’ni, sartarosh, etikdo‘z, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi o‘zini o‘zi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni ro‘yxatga olish va hisobini yuritish bo‘yicha mobil ilova ishlab chiqiladi.
Ma’lumki, yil boshida xususiy notariuslikka ruxsat berilgani natijasida 617 ta davlat notariusi xususiy bo‘ldi va byudjetdan berilayotgan 200 milliard so‘m iqtisod qilindi.
Xuddi shuningdek, hozirgi kunda davlat idoralari ko‘rsatayotgan kadastr hujjatlarini tayyorlash, yer ajratishda toposuratga olish kabi xizmatlarni xususiy sektorga o‘tkazilsa, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga aniq hisob-kitob asosida, xususiy sektorga o‘tkazish mumkin bo‘lgan davlat xizmatlari ro‘yxatini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Karantin davrida ko‘pgina tashkilotlar to‘lov qobiliyatini yo‘qotib, bankrotlik yoqasiga kelib qolishi mumkin. Shu sababli, korxonaga sanatsiya qo‘llanilsa, uning soliq va boshqa to‘lovlardan qarzdorligi karantin tugaganidan keyin undirilishi mumkinligi belgilandi.
Davlat aktivlarini tadbirkorlarga sotish tizimi tanqid qilindi, unda haligacha byurokratizm saqlanib qolgan. Jumladan, auksionga qo‘yilgan ayrim yer uchastkalari va ko‘chmas mulk ob’ektlarining investitsiya majburiyatlari yuqoriligi, infratuzilma rivojlanmagan joylardan ajratilgani sababli ularning 53 foizi ko‘pdan beri sotilmay turibdi. Shuningdek, 57 ta tuman va shaharda so‘nggi 4 oyda tadbirkorlik uchun birorta yer uchastkasi auksionga chiqarilmagan. Joylarda davlat ulushi mavjud 552 ta ob’ekt bo‘sh turibdi.
Ushbu inshootlarda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, ayrimlarida kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bundan buyon kichik sanoat zonalari mulk huquqi asosida tashkil etilib, boshqaruvga xususiy sektor keng jalb qilinadi. Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hokimliklar bilan birga ushbu kichik sanoat zonalari joyini aniqlash, infratuzilmasiga mablag‘ ajratish, boshqaruvga xususiy sektorni keng jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Ularni infratuzilmaga ulash uchun joriy yilda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 200 milliard so‘m ajratiladi.
Pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga ajratilgan 1 trillion so‘m kredit mablag‘larini qaytarish muddati uzaytirildi. Shu bois, ushbu dasturni to‘liq amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 100 million dollar resurs ajratildi.
Prezidentimiz mahsulot, uskuna, xomashyo hamda aylanma mablag‘lar uchun kredit olishda tadbirkorlarga o‘rnatilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi kerakligini ta’kidladi. Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Mahsulotlarga talabni yaratish uchun savdo faoliyatini rag‘batlantirish, aholining iste’mol qobiliyatini oshirish maqsadida iste’mol kreditlari berishni kengaytirish lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda tijorat banklari oldidagi vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalariga kelgan murojaatlarning 55 foizi bank kreditlari bilan bog‘liqligi bu boradagi muammolar ko‘lamini ko‘rsatadi. Shuningdek, bank xizmatlari bo‘yicha tadbirkorlar murojaatlari Milliy bankda 10 foiz, Mikrokreditbankda 11 foiz, Agrobankda 13 foiz ijobiy hal qilingan, xolos.
Prezidentimiz bank faoliyatiga mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab baho berilishini alohida qayd etdi.
Tijorat banklari kichik biznes rivojida muhim bo‘g‘in ekani, har bir tumandagi “o‘sish nuqtalari”ga mablag‘ yo‘naltirib, tadbirkor va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashi zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Mutasaddilar yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar ijrosini tashkil etish yuzasidan axborot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti