Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva: O‘zbekistonlik xotin-qizlar ilm, ma’rifatga yo‘g‘rilgan islohotlar, ezgu ishlar yo‘lida ona Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda
Bugun O‘zbekiston ayollari har bir jabhada o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganini barchamiz bevosita amalda ko‘rib, chuqur his etmoqdamiz. o‘tgan yili yurtimiz tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni bugungi ko‘rsatkichga ko‘tarilgani ham buning yorqin tasdig‘idir. Gap shundaki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Senatda esa bu ko‘rsatkich qariyb 25 foizga yetdi.
Mahalliy Kengashlar deputatlarining 31 foizi ham jonkuyar, faol ayollardir. Ana shunday natijalar tufayli O‘zbekiston parlamenti ayol deputatlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-pog‘onaga ko‘tarildi. Holbuki, bundan 5 yil ilgari 128-o‘rinda edik. Bunday keskin ijobiy o‘zgarishlar parlament saylovlari shunchaki o‘tkazilmagani, “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” shiori hayotda bevosita o‘z in’ikosini topganini anglatadi.
Kimlardir ayol kishining rahbar bo‘lganining nimasi yaxshi, deyishi mumkin. Bunday savolga javob aniq: nozik hilqat sohibalari ijtimoiy masalalarga ko‘proq yurakdan his qilib yondashadi, dilidan o‘tkazib qarorlar qabul qiladilar. Ijtimoiy masalalar esa, bu — xalqning dardi, xalqning muammosi, shu kecha-kunduzda uning boshidan o‘tayotgan muammolar bilan uzviy bog‘liqdir.
Ayol buni ko‘proq, teranroq tuyishining yana bir sababi u oila bekasi, bolalar tarbiyachisi, ularning sog‘lig‘i uchun qayg‘uradigan shifokordir. Siyosiy hayotda faol bo‘lgan xotin-qizlarimiz aynan mana shunday xislatlari tufayli qonunlarning yanada hayotiy bo‘lishi uchun kurashadilar, ularda aniq masalalar, muammolarning yechimlarini ifodalash uchun jon kuydiradilar.
Binobarin, O‘zbekistonda xotin-qizlar masalasiga juda katta e’tibor qaratilyapti. Ularning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari Konstitutsiyamiz, qonunlarimizda mustahkamlab qo‘yilgan.
Tan olish kerak, orada bu boradagi islohotlarning ko‘pi qoQozda qolib ketdi. Ayrim holatlarda ayollar o‘zlarini namoyon etishlari uchun sharoitlar kamlik qildi, stereotiplar to‘siq bo‘ldi. Masalan, ayol tadbirkorlik qilaman, desa, preferentsiyalar berish tizimi yo‘q edi. Umuman, ularga imtiyozlar yaratish bo‘yicha huquqiy baza yaratilgan bo‘lsa-da, shularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmagan edi. Oqibatda jamiyatning aslida faol bo‘lishi kerak bo‘lgan mazkur qatlami tobora passivlashib ketdi.
Bir tomondan bu mentalitetga ham bog‘liq bo‘lgan, deb o‘ylayman.
Birgina ta’lim sohasini oladigan bo‘lsak, bizda qizlar va o‘g‘il bolalarning bilim olishlari, kasb tanlashlari bo‘yicha kelajaklarini ta’minlashda farqlar bor edi, hali ham bunday dunyoqarash uchrab turibdi. To‘g‘ri, hamma bolalar maktabda o‘qitiladi. Biroq keyinchalik kasb tanlash, oliy o‘quv yurtida tahsil olishga kelganda, ko‘proq e’tibor va ustunlik o‘g‘il bolaning ta’lim olishiga, uning uchun barcha sharoitni yaratishga qaratiladi. Chunki ba’zi insonlarda faqat o‘g‘il bolaga bilim berish kerak, o‘qitish kerak, chunki u bizning boquvchimiz, degan qarashlar ustunlik qiladi.
Qiz bolaga kelganda, bu boshqacha tus oladi. Maktab ta’limi majburiy bo‘lgani bois o‘qiydi. Ammo keyin “bu birovning xasmi, kerak bo‘lsa turmush o‘rtog‘i boqib oladi”, degan tushunchaga urg‘u beriladi.
Vaholonki, qiz bola oliy ma’lumotli bo‘lsa, qanchalik bilim va salohiyat olsa, buni kelgusida farzandlariga ham “yuqtiradi”, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga mas’uliyat bilan yondashadi. Yurtning kelajagi esa mana shunday dunyoqarashga ega onalar tomonidan yaratiladi.
O‘z navbatida, bugun jamiyatimizda o‘ta bilimli, qobiliyatli bo‘lsa-da, o‘zini oilasiga, turmush o‘rtog‘i va farzandlariga baQishlagan ko‘plab ayollarni bilaman. Zero, oilaning ta’minoti uchun turmush o‘rtog‘i yetarli mablaQni topsa, ayolning o‘zi ham bor vaqtini, mehnatini bolalari uchun sarflasa, nima uchun biz uni majburlab ishga olib chiqishimiz kerak? Bu ham ularning o‘z huquqi, tanlovi aslida.
Demak, xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida, birinchi navbatda, ota-onalarning munosabati katta rol o‘ynasa, ikkinchisi, oliy ta’limda ularni qamrab olish imkoniyati muhim o‘rin tutadi. Masalan, talaba qiz turmushga chiqsa, o‘qishni qiynalib davom ettirishga majbur bo‘ladi. Qo‘llab-quvvatlaydigan qaynota bilan qaynonaning qo‘liga tushsa-ku yaxshi, ammo “o‘qib nima bo‘larding”, deydigan oilaga kelin bo‘lsa, buyog‘ini tasavvur qilavering. Yillar davomida to‘planib qolgan shu kabi muammolar, oliy o‘quv yurtlariga yoshlarni qamrab olish ko‘rsatkichining to‘qqiz foiz ekanligi oliy ma’lumotli, keng tafakkur va dunyoqarashi bor ayollarni tarbiyalashda katta to‘siq bo‘ldi.
Quvonarlisi, bugungi kunda zamonaviy fikrlaydigan ota-onalar, qaynota-qaynonalar, kuyovlar ko‘payib boryapti. o‘z navbatida, xotin-qizlarning ta’lim olishi, kasbli bo‘lishi uchun qog‘ozda emas, real hayotda katta qulayliklar, yengilliklar yaratilmoqda. Bugun gender tenglik degan demokratik tamoyil haqida ochiq-oydin gapirilayotgani, bu borada izchil chora-tadbirlar olib borilayotgani fikrimizga misol bo‘la oladi.
Aslida gender tenglik nima degani?
Shunday paytlar bo‘ldiki, zo‘ravonlik, kambag‘allik so‘zini ishlatishdan qanchalik qo‘rqsak, rahbarlarimiz gender tenglik so‘zini qo‘llashdan ham shunchalik qo‘rqar edilar. Bu so‘zlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotida deyarli oshkora tilga olinmasdi. Shuning uchun ham, gender tenglik deganda odamlarimiz ongida noto‘g‘ri tushunchalar shakllanib qoldi.
Xuddiki, gender tenglik atamasi ayollar erkaklardan ustun bo‘lishi, ularni mensimaslik, erkaklarga o‘z gapini o‘tkazish, degan ma’nolarni anglatadi, deya qabul qilindi. Vaholonki, gender tengligi juda ham chiroyli tushuncha. Bu erkaklar va ayollarga hamma narsada teng imkoniyatlar berish kerak, degani. Ya’ni bilim olish, kasb tanlash, lavozimda ko‘tarilishda erkaklar bilan ayollarga birdek imkoniyatlar yaratilishi — gender tenglikdir.
BMTga 1992-yildan buyon a’zo bo‘lsak ham, lekin uning ko‘p talablarini bajarmasdan kelganmiz. Chunki bizda shu gaplarni aytish mumkin emas edi. Kambag‘allik yo‘q edi, go‘yo hamma chiroyli yashardi.
Hozirgi davrda bu kabi munosabatlar tubdan o‘zgardi.
Davlatimiz rahbari o‘zlarining lavozimlariga kirishganlaridan keyin xalq bilan muloqot siyosatini boshladi. Boshida muloqot deganda ko‘p rahbarlar, har xil darajadagi mas’ullar ham esankiradi, qanday qilib ishlashi kerakligini tushunmadi. Bir-ikki marta birovlarning muammosini hal qilsam, men o‘zimni ishimni bajaraman, deganlar ham bo‘ldi.
Endilikda joylardagi mas’ullarimiz, senatorlarimiz va deputatlarimiz bu mas’uliyatni his qilib, alohida e’tibor bilan qarashga o‘rganmoqda. Bu gender tenglikni ta’minlash masalasiga ham bevosita taalluqlidir.
Oltita ayol hokim bo‘ldi, bu hali hammasi emas
2017-yilda respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida barcha hududlarga bordim, haqiqiy ahvolni o‘rgandim. Afsuski, Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari rahbarlari viloyat, tuman hokimlarining o‘rinbosarlariga tenglashtirilgan bo‘lsa-da, ularning moddiy imkoniyatlari anchayin cheklangan edi. Misol uchun, qiynalgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, qariya onaxonlar holidan xabar olish kabi tadbirlarni uyushtirish uchun ham mablag‘ topilmas edi.
Ayollar muammolari, jinoyatchiligi, migratsiya masalalari, aqidaparastlikka berilishi bilan boQliq muammolar ko‘p edi. Aynan shularni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, eng avvalo, xotin-qizlarga yordam bera oladigan sharoit yaratish maqsadida “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi. U gender tenglik bo‘yicha ishlarni izchillik bilan yo‘lga qo‘yish uchun dastlabki qadamlardan bo‘ldi.
Unga ko‘ra, oQir sharoitda yashayotgan ayollarga uy berish tizimi shakllandi. Shundan so‘ng har yili bir yarim ming nafar ayol birinchi to‘lovini davlat to‘lab beradigan imtiyozli uylardan oladigan bo‘ldi.
Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Shu orqali biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar ajratish, bir haftalik o‘quv kurslarida o‘qitish, biznes rejalarni shu yerning o‘zida ishlab chiqish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Qiynalgan, nochor ayollar bilan ishlash uchun reabilitatsiya markazlari tashkil etildi. Misol uchun, oilaviy janjallar sabab qiynalib qolgan, siqilib yurgan yoki qaynonasi bilan kelishmasdan, birovlarning qo‘lida qolgan, ayrim hollarda ko‘chada qolib ketgan, jinoyat qilib qo‘yib, jamiyatimizga qo‘shila olmayotgan ayollarimiz bor. Ana shular bilan ishlash uchun mahallada mutaxassis lavozimi joriy etildi.
Oldimizda yana bir dolzarb vazifa turgan edi. U ham bo‘lsa, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasidir.
Qonunlarimizda xotin-qizlar uchun parlamentdagi saylovlarda 30 foizlik kvota mavjud bo‘lsa-da, amalda bu narsa yo‘q edi. Shundan so‘ng, barcha tuman, viloyat va shahar hokimlariga o‘sha hududdagi faol ayollar ro‘yxatini so‘rab xat yozganmiz. Natijada qo‘limizda 6 ming nafardan iborat ro‘yxat shakllandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida ular qayta o‘qitildi, sotsial ko‘nikmalari, siyosiy bilimlari takomillashtirildi. Bugungi kundagi zarur fanlar, hattoki, kiyinish va nutq so‘zlash madaniyati yuzasidan ham tegishli bilimlar o‘rgatildi.
Qilingan mehnatlarimiz samarasiz ketmadi. Oldingi saylovlarda ishtirok etgan ayollar umumiy ko‘rsatkichini 2019 yildagisi bilan solishtirganda, keyingi paytda bu raqam birmuncha oshganini ko‘ramiz. Ayollarimizni mana shunday jarayonlarga qanchalik puxta tayyorlasak, ular bilan hamkorlikda ishlasak, bundan nafaqat davlat, birinchi navbatda, xalqimiz yutadi.
Binobarin, parlamentda ayollar soni keskin oshdi. Olti nafar xotin-qizimiz esa tuman hokimi vazifasiga tayinlandi. Bu — juda katta muvaffaqiyat. Senat bu rahbar ayollarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Ular bilan birgalikda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda eng yaqin hamkor bo‘ladi.
Ishonchim komilki, yaqin orada ayollar orasidan vazirlar, boshqa yuqori lavozimlarga munosib ko‘rilgan rahbarlar tayinlanadi. Va ular, albatta, jamiyatda, ishda o‘zining munosib o‘rinlarini topishadi. Davlat rahbarining yuksak e’tiborini, xalqning ishonchini oqlaydi, o‘zining bor salohiyatini ishga solib, oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishga harakat qiladi. Gender tenglikning asosiy jihatlaridan biri ham shudir.
Guvohi bo‘layotganingizdek, ayollarga davlat va jamiyat taqdiriga daxldor qarorlarni hayotga tatbiq etish, xususan, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish, islohotlarni amalga oshirish jarayonlarida bevosita qatnashishlari uchun keng yo‘l ochildi. Bu ayol-ku, ertaga qiynalib qolishi mumkin, degan tushuncha tarixda qoldi. Endi ular mana shunday mas’uliyatli vazifani sharaf bilan bajarishlari kerak, deb hisoblayman.
Yangi komissiya va qo‘mita hamisha ko‘makka tayyor
Bunda yangi tashkil etilgan gender tenglik masalalari bo‘yicha komissiya ularga har tomonlama ko‘mak berishga tayyor. o‘z navbatida, Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. Har ikki tuzilma ayni paytda amaldagi qonunchilikning barcha normasini ayollar va erkaklar tengligi nuqtai nazaridan o‘rganib chiqyapti.
Komissiyamiz tarkibida ko‘plab nodavlat tashkilotlar, faol ayollarimiz, erkaklarimiz ham bor. o‘zaro hamkorlikda dunyo tajribasi ham o‘rganilmoqda.
Shular asosida har bir mehnat jamoasida gender tenglik bo‘yicha maslahat kengashlarini tuzish tashabbusini o‘rtaga tashladik. Bu tegishli huquqiy hujjatlarda ham nazarda tutilgan. Bu nima beradi?
Avvalo, o‘sha mehnat jamoasi rahbarining ijtimoiy masalalarga mas’ul o‘rinbosari ushbu kengashni boshqaradi. Uning tarkibiga yetti nafargacha korxona xodimlari a’zo qilinadi. Kengashning asosiy vazifasi esa barcha bo‘limlar, hududiy tuzilmalarida yuqoridan pastga qadar ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlab berishdan iborat bo‘ladi. Oylik ish haqlarini belgilash, lavozimlarga tavsiya qilishda ayollar va erkaklarga teng qarash, har bir korxona-tashkilotda tayyorlanadigan rezerv kadrlar bazasiga xotin-qizlarning ham nomzodlarini kiritib, ularni xizmat vazifasida rahbarlik lavozimlariga tayyorlash kabi masalalarni tizimli tahlil etib boradi, xulosalar beradi. Ayni chog‘da joylarda xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ham o‘rganadi.
Yana bir muhim masala shuki, ish beruvchi korxona jamoasi, ayniqsa, ayol xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasiga alohida e’tibor qaratishi lozim. U bu boradagi qarashlarini o‘zgartirishi, mas’uliyatni his qilishi zarur. Chunki tan olishimiz kerak, ayollarimiz hech qachon o‘ziga, salomatligiga yetarlicha vaqt ajratmaydi, bolam-chaqam, uyim-joyim, deb yuradi. Afsuski, shuning oqibatida bugungi kunda ular orasida turli onkologik kasalliklar ko‘paygani hech kimga sir emas.
Ana shunday kengash va komissiyalar faoliyatini kuchaytirsak, ish beruvchilarning ayollar hamda erkaklarga teng imkoniyatlar va sharoitlar yaratish borasidagi mas’uliyatini oshirsak, xodimlarni muntazam tibbiy ko‘riklardan o‘tkazishni yo‘lga qo‘ysak, bundan nafaqat xotin-qizlar, balki butun jamiyatimiz yutadi.
Ayni paytda shu bo‘yicha tegishli nizom ishlab chiqilmoqda va bu tashabbus oxirigacha yetkaziladi. Eng namunali kengashlar faoliyatini raQbatlantirishni ham nazarda tutganmiz. Ular qatori ushbu yo‘nalish bo‘yicha ishni tashkil eta olmagan jamoalar faoliyati ham batafsil o‘rganiladi. Hududlarga borganimizda ham bu masalaga alohida e’tibor qaratamiz.
Yetarli bilimlarga ega bo‘lmaslik ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi
Prezidentimiz bizdan ayollar uchun yana nima kerak, qanday imkoniyatlar yaratib beraylik, deb ko‘p so‘raydilar.
Bugungi kunda xotin-qizlarimizni qiynaydigan ko‘plab muammolarning ildizi ular bilimlarining yetishmasligi, o‘z huquqlarini yetarli darajada talab qila olmasligiga borib taqaladi. Afsuski, oiladagi ajrimlar, kelishmovchiliklar sabab uysiz, joysiz qolayotgan, hattoki, bolalarining ta’minoti uchun ham pul talab qila olmayotgan ayollarimiz bor oramizda. Jamiyat va davlat buning oldini olish uchun nimalar qilishi mumkin?
Men ayol bo‘lganim uchun ana shu muammolarni yuragimdan o‘tkaza olaman. Va bu kabi noxush holatlarni bartaraf etishda kasbdoshlarim bilan bir yoqadan bosh chiqarib, qonuniy yo‘llarni topishga harakat qilaman. Buning uchun yetarli imkoniyatlar yaratib berilgan. Aynan shulardan kelib chiqib, nimalarni amalga oshirish lozim?
Avvalo, qizlarimizning ta’limiga, bilim olishiga, kasb egallashiga katta e’tibor qaratish lozim.
Ular o‘rtasida turli mavzularda keng tushuntirish ishlarini muntazam ravishda olib borish zarur. Xotin-qizlarimizni hayotga tayyorlashga barcha tizim birdek javobgar bo‘lishi kerak. Bunga butun jamiyatni jalb qilishning uddasidan chiqilsa, ayollar masalalari bilan shuQullanadigan maxsus idoraga ham hojat qolmaydi.
Bunda ayni paytda ishlab chiqilayotgan O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash strategiyasi dasturilamalga aylanishi, shubhasiz. Shundan kelib chiqib, strategiyada davlat va jamiyat tomonidan bu borada qilinishi lozim bo‘lgan barcha tadbirlar aks ettiriladi. Unda 2020 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davr qamrab olinadi. Eng muhimi, ushbu maqsadlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham uyg‘undir.
Ushbu strategiya faqat Senatning tegishli qo‘mitasi va komissiyasi a’zolari tomonidan ishlab chiqilmadi, balki uning tayyorlanishida ko‘plab nodavlat tashkilotlar, jamoatchilik vakillari ham faol qatnashdi. Mazkur izlanishlar davom ettirilyapti. Yaqin orada uning loyihasi jamoatchilik muhokamasiga ham qo‘yiladi.
Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasida opa-singillarimiz, yoshlarimiz ham faol bo‘ladi
Gender masalalari yuzasidan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida ancha ilg‘or siyosat yuritmoqda. Shu bois BMT Markaziy Osiyodagi gender platformasini O‘zbekistonda tuzish bo‘yicha amaliy takliflarni ko‘rib chiqyapti. Hozirgi kunda mazkur masala yuzasidan BMT bilan muloqotlar olib borilmoqda. Yaqinda yurtimizga BMTning martabali vakilalaridan biri Natalya Germanning tashrif buyurishi kutilayotir. Aynan u bilan ham shu masalada muloqotlar olib boriladi.
Natijada ushbu nufuzli xalqaro tashkilot va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda gender tenglikni faol ilgari surayotgan mamlakat sifatida Markaziy Osiyo platformasini yaratish ishlari yangi bosqichga ko‘tariladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab gender masalasida olib borayotgan sa’y-harakatlarimizni taqdim etish hamda qardoshlar bilan o‘zaro bilim, fikr va tajriba almashishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida ham xotin-qizlarimizning haq-huquqlarini himoya qilish, ularni oliy ta’limga yanada ko‘proq qamrab olishga alohida e’tibor qaratilgani ham bejiz emas.
Mana shunday g‘amxo‘rlik mevasi ham shirin bo‘ladi. Qizlarimiz, ertaga ishlagan yoki ishlamagan taqdirda ham, oliy ma’lumotli bo‘lsa, oqilalik libosini kiyadi, qo‘pol gapirmaydi, bir qo‘lida qaynonasi, bir qo‘lida turmush o‘rtog‘ini ko‘tarib yuradi, chiroyli oilaning dilbar va dono bekasiga, o‘zaro munosabatlarda mohir diplomatga aylanadi. Mustahkam oila qurishda aynan shu jihatlar nihoyatda muhim ekanligini yigitlar ham yaxshi tushunadi, ular ham, o‘z navbatida, o‘ziga yaqin bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va onasini hurmat qiladi, e’zozlaydi.
Ham uy bekasi, ham mohir dasturchi
Davlatimiz rahbari yil nomini bejiz ilm, ma’rifat, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bog‘lab qo‘ymadilar. Buning zamirida ham xalqimiz farzandlarini ilmli qilish, ularning tafakkurini, dunyoqarashini yuksaltirish maqsadi yotibdi. Shundagina raqamli iqtisodiyot ham rivojlanadi. Odamlarda, ayniqsa, bo‘lajak onalarda kelajak taqdiriga bo‘lgan ishonch mustahkamlanadi.
Boisi intellekt va innovatsiya birlashgan joyda ayollar uchun ham yangidan-yangi imkoniyatlar yaratiladi. U hatto uyda o‘tirib ilg‘or AKT yordamida ishlay oladi, o‘qib-o‘rganib, yangi kasblarni egallaydi.
Shuning uchun ham ayni paytda amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasida qizlarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Natijada axborot texnologiyalari sohasida nafaqat o‘g‘il bolalar, balki qizlarning salohiyatini kashf etish eshiklari keng ochiladi. Boz ustiga, qizlarda nozik barmoqlar, nafis tasavvurdan suv ichadigan fantaziya, ijodkorlik bor. Faqatgina ularni yuzaga chiqarish kerak, xolos. Bunday ishlarni nafaqat dasturiy ta’minot, balki zargarlik, telefonlarni sozlash kabi yo‘nalishlarda ham amalga oshirish mumkin.
Bir martalik ishlar masalasi ham dolzarb. Bu borada yangicha qarashlar, tuzilmalarga ehtiyoj bor. Shunday agentliklar, monomarkazlar tashkil qilish kerakki, xotin-qizlarga ham ularning xizmatlaridan birdek foydalanish imkoniyati yaratilsin. Shunda ayollar mardikorligi, ularning zo‘ravonlik qurboniga aylanishlari, aldanishlari, turli salbiy yo‘llarga kirib ketishining oldi olinadi.
Shunday ekan, endi muammolarning oqibati bilan ishlash vaqti o‘tdi. Ularning oldini olishga qat’iy kirishish vaqti allaqachon kelgan. Buni esa oiladan boshlash kerak va shu bo‘yicha qilinadigan ishlar hali juda ko‘p.
Sababi uzoq yillar davomida mazkur masalaga kompleks yondasha olmadik. Bunday holat hamon mavjud. Har bir davlat idorasi muammo yuzaga kelib, jamiyatimizda ko‘ndalang turganidan keyingina uning oqibatlari bilan kurashishga majbur bo‘lmoqda. Aslida ularning barchasini oiladagi tarbiyani to‘g‘ri tashkil qilish orqali hal etish mumkin. Odamlarning daxldorlik hissini oshirish, davlatga, oilasiga, jamiyatga nisbatan munosabatini o‘zgartirish, mas’uliyatni his qilishga o‘rgatish esa o‘zaro ahillikni, davlatimizning xalqchil siyosati ostida jipslashishini talab qiladi.
Bunday ezgu ishlarga bag‘rikeng, mehnatkash, zukko, fahm-farosatli, oqila, mehribon onalarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlariga ishonaman. Ularning go‘zalligi, yuzlaridagi samimiy kulgi, bayramona ruh, ko‘tarinki kayfiyat esa xalqimizning zabardast insonlari kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat, ilhomiga ilhom qo‘shishi, shubhasiz.
“Xalq so‘zi”, 2020-yil 7-mart